Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi yana havo sifati yomonlashuvi bilan yuzlashdi. “O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat vaqtinchalik bo‘lib, meteorologik sharoitlar bilan bog‘liq.
Sinoptiklar ta’kidlashicha, hududga salqin havo massasi kirib kelgan. Deyarli shamol kuzatilmagani sabab atmosfera qatlamlarida turg‘unlik yuzaga kelgan. Bundan tashqari, haroratning keskin farqi ham ta’sir ko‘rsatgan: kechasi havo +3…+5 darajagacha pasaygan, kunduzi esa +11…+15 darajagacha isigan.
Bunday sharoit harorat inversiyasi hodisasini yuzaga keltiradi. Ya’ni iliq havo qatlami sovuq yer sathiga yaqin qatlamni “qoplab”, atmosferaning vertikal aralashuviga to‘sqinlik qiladi. Natijada zararli moddalar yer yuzasiga yaqin hududda to‘planib qoladi.
Hozirda PM2.5 va PM10 mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasi oshgani qayd etilmoqda. Yog‘ingarchilikning yo‘qligi va shamolning sustligi ifloslanishning tabiiy ravishda tarqalishiga imkon bermayapti.
Prognozlarga ko‘ra, yaqin sutka ichida hududda yog‘ingarchilik kutilmoqda. Yomg‘ir atmosfera tozalanishiga va havo sifati ko‘rsatkichlarining me’yoriy darajaga qaytishiga yordam berishi lozim.