2025-yilda O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy talabalar oqimi sezilarli darajada oshdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatda ta’lim olish uchun 39,7 ming nafar chet el fuqarosi kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 58,2 foizga ko‘p.
Milliy statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, eng ko‘p talabalar Hindistondan kelgan — 17,2 ming nafar. Ikkinchi o‘rinda Turkmaniston (9,3 ming), uchinchi o‘rinda esa Tojikiston (2,9 ming) qayd etilgan.
Shuningdek, kuchli o‘ntalikka Pokiston (taxminan 1,7 ming), Xitoy (1,4 ming), Janubiy Koreya (917), Qirg‘iziston (912), Misr (893), Filippin (745) va AQSH (482) kirgan.
Bundan tashqari, ro‘yxatga kiritilmagan boshqa davlatlardan ham 3 mingdan ortiq xorijiy fuqaro O‘zbekistonga o‘qishga kelgan.
Avvalroq O‘zbekistonda talabalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amal qilayotgani, uning doirasida davlat “2+6” dasturi asosida xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarining bir qismini qoplab berishi ma’lum qilingandi.