Toshkent xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti sababli uchish-qo‘nish amaliyotlariga vaqtincha cheklovlar joriy etildi. Xabarlarga ko‘ra, quyuq tuman tufayli uchish-qo‘nish yo‘lagi hududida ko‘rinish darajasi 700 metrga tushib ketgan.
Murakkab meteorologik vaziyat xalqaro reyslar jadvaliga ham ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, aeroportning meteorologik toifasi ekipajlarning ruxsat darajasiga mos kelmagani sababli ikki samolyot zaxira aerodrom — Samarqandga yo‘naltirildi.
Gap Centrum Air aviakompaniyasining Seuldan uchib kelayotgan C6550 reysi hamda Air Samarkand aviakompaniyasining Jiddadan amalga oshirilgan 9S3304 reysi haqida bormoqda.
Hozirda aviatsiya xizmatlari kuchaytirilgan rejimda faoliyat olib bormoqda va amaldagi ko‘rinish sharoitidan kelib chiqib parvozlar xavfsizligini ta’minlamoqda. Yo‘lovchilar va kutib oluvchilarga reyslar holatini Uzbekistan Airports’ning rasmiy manbalari orqali kuzatib borish tavsiya etiladi.