Yangiliklar
26.02.26
7268

Andijon viloyatida bir fuqaro yollanma jangchilik uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Andijon viloyatida sud 24 yoshli O‘zbekiston fuqarosini yollanma jangchilikda aybdor deb topdi va unga 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Andijon viloyatining Bo‘ston tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 24 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan yollanma jangchilik aybi bilan hukm chiqardi.

Ish materiallariga ko‘ra, u 2025 yil aprel oyida Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan, harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va Luganskdagi jangovar harakatlar hududiga yuborilgan. Xizmat davomida u AK-74 avtomatidan foydalangan.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida u qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan. 8 may kuni esa dron hujumi oqibatida yaralangan — o‘ng son va ikkala boldir qismida jarohatlar qayd etilgan. Davolanishdan so‘ng u 2025 yil 25 iyul kuni O‘zbekistonga qaytgan.

Sud majlisida sudlanuvchi Rossiyaga ishlash maqsadida borganini, biroq hujjatlari yo‘qligi sabab ushlanganini va keyinchalik harbiy poligonga olib borilib, tayyorgarlikdan o‘tkazilgach mojaro hududiga yuborilganini ma’lum qilgan. U aybini to‘liq tan olib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud uning harakatlarini Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanma jangchilik) bilan malakaladi. JKning 57-moddasi qo‘llanilgan holda unga umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash sharti bilan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi fuqarolarni chet davlatlardagi qurolli mojarolarda ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlik belgilanganidan ogohlantirgan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling