O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida kibersport, dron texnologiyalari va robototexnika bo‘yicha musobaqalar yo‘lga qo‘yiladi. Tashabbus harbiy xizmatchilarning zamonaviy texnologik ko‘nikmalarini rivojlantirish va kasbiy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.
Tegishli qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi. Hujjat turnirlarni tashkil etish tartibini belgilaydi hamda ularni har yili o‘tkazish tizimini joriy etadi.
Musobaqalar uch bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqich avgust oyida start oladi va bevosita harbiy qismlar hamda idoralarda o‘tkaziladi. Unda imkon qadar ko‘proq harbiy xizmatchilarni jalb etish va bo‘linmalar darajasida eng kuchlilarni aniqlash maqsad qilingan. G‘oliblar “Harbiy qism qo‘mondoni kubogi” bilan taqdirlanadi.
Oktyabr oyida hududiy bosqich bo‘lib o‘tadi. Eng yaxshi ishtirokchilar harbiy okruglar miqyosida bellashadi. Bu bosqichda vazifalar murakkablashib, dron va robototexnika tizimlarini boshqarish bo‘yicha chuqur bilim hamda ko‘nikmalar talab etiladi. G‘oliblarga “Harbiy okrug qo‘mondoni kubogi” topshiriladi.
Yakuniy bosqich dekabr oyida respublika darajasida o‘tkaziladi. Okruglar vakillari bosh sovrin — “Mudofaa vaziri kubogi” uchun kurashadi. Ushbu mukofot harbiy xizmatchilarning zamonaviy texnologiyalar sohasidagi tayyorgarligi darajasini aks ettiradi.
Mazkur tashabbus mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash va armiya tayyorgarligiga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish choralari doirasida amalga oshirilmoqda.