Yangiliklar
11.02.26
7415

Buxoroda konlarga ega davlat yerini 600 ming dollarga sotishga urinish fosh etildi

Buxoro viloyatida davlat yerida joylashgan oltin konlarini o‘zlashtirish huquqini 600 ming dollarga sotishga uringan tadbirkor qo‘lga olindi

Buxoro viloyatida qimmatbaho metall konlari mavjud bo‘lgan davlat yer uchastkasini noqonuniy sotishga urinishning oldi olindi. Tadbirkor kelishilgan 600 ming dollar mablag‘ning bir qismini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, maxsus operatsiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1973 yilda tug‘ilgan, Sirdaryo tumanida yashovchi shaxs Shofirkon tumanidan bo‘lgan fuqaroga Peshku tumanida joylashgan 290 gektar yer maydonini auksion orqali rasmiylashtirib berishda “yordam” ko‘rsatishni va’da qilgan. Mazkur yer uchastkasi davlat zaxirasiga kiradi va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unda oltin hamda boshqa qimmatbaho metall zaxiralari mavjud.

Gumonlanuvchi masalani “yuqori lavozimdagi tanishlari” orqali hal qilib berishini aytgan. U 230 ming dollar va 840 million so‘mni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Musodara qilingan mablag‘lar jinoyat ishi doirasida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, mazkur shaxs ilgari ham firibgarlik jinoyati bo‘yicha javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi. Unga nisbatan juda katta miqdordagi firibgarlikka suiqasd qilish hamda pora berishga ko‘maklashish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sud gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘lladi. Tergov harakatlari davom etmoqda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu sxemaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni ham aniqlamoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling