2025 yilda O‘zbekistonda 9 226 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,5 foizga kam. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida sodir bo‘lgan YTHlar oqibatida 2 188 kishi halok bo‘lgan. Bu 2024 yilga nisbatan 0,5 foizga kam. Turli darajadagi tan jarohatlarini olganlar soni 8 901 nafarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan 0,34 foizga pasaygan.
Bolalar ishtirokidagi avariyalar sonida ham ijobiy dinamika qayd etilgan. Xususan, bunday YTHlar 9,6 foizga, halok bo‘lgan bolalar soni esa 12,8 foizga kamaygan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ta’kidlanishicha, mutlaq ko‘rsatkichlardagi pasayish uncha katta bo‘lmasa-da, aholi soni va avtomobillar parki oshib borayotganini inobatga olganda, umumiy holat ijobiy baholanmoqda. 2021–2025 yillar oralig‘ida mamlakat aholisi 35,3 milliondan 38,2 million nafargacha, transport vositalari soni esa 3,8 milliondan 5,5 milliontagacha oshgan.
100 ming nafar aholiga nisbatan YTHlarda o‘lim darajasi 2021 yildagi 6,9 ko‘rsatkichdan 2025 yilda 5,7 gacha kamaygan. Bu qariyb 17 foizlik pasayishni anglatadi. 10 mingta transport vositasiga nisbatan hisoblanganda esa ko‘rsatkich yanada sezilarli qisqarib, 6,3 tadan 4 tagacha tushgan, ya’ni 36,5 foizga kamaygan.
Xizmat, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, yo‘l-transport hodisalari hanuzgacha dunyo bo‘yicha o‘lim va og‘ir jarohatlanishning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotganini eslatdi. Idora boshqa davlat tuzilmalari bilan hamkorlikda avariyalar soni va ularning og‘ir oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilishini ma’lum qildi.