Yangiliklar
26.02.26
7257

Jizzaxda ta’lim bo‘limi rahbari pora ishi bo‘yicha qo‘lga olindi

Jizzaxda tuman ta’lim bo‘limi boshlig‘i 4,8 mln so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jizzax viloyatida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i qo‘lga olindi. Maxsus operatsiya Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbaridan muassasa faoliyatini tekshirmaslik evaziga 4,8 mln so‘m talab qilgan. U pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga tushgan. Mazkur mablag‘ daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.

Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov davomida uning boshqa noqonuniy harakatlariga doir qo‘shimcha holatlar ham aniqlangan. Tergov organlari shuningdek qilmishni 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata), 209-modda (mansab soxtakorligi) hamda 243-modda (jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ham malakalash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirda yetkazilgan zarar miqdorini to‘liq aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling