Yangiliklar
08.10.25
7534

Qoraqalpog‘istonda 2 milliard dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilmoqda — Saida Mirziyoyeva

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonda qiymati 2 milliard dollarlik 27 ta yangi loyiha ishga tushirilayotganini ma’lum qildi. Ular 10 mingta ish o‘rni yaratib, mintaqa aholisi turmush sifatini oshiradi.

Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 2 milliard dollarga teng 27 ta yangi investitsiya va infratuzilma loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin yillarda hududda sanoat, logistika, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari rivojlantiriladi. Loyihalar doirasida qariyb 10 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq so‘nggi ikki yil ichida Qoraqalpog‘istonda 64 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, ular orqali 5 mingdan ortiq fuqaro bandligi ta’minlangan.

Mas’ullar bilan o‘tgan uchrashuvda gaz ta’minoti, yo‘l qurilishi va biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi. Mirziyoyeva bu yo‘nalishlarda aniq choralar belgilanganini ta’kidladi.

“Yangi zavodlar, klinikalar, dam olish maskanlari va logistika markazlari Qoraqalpog‘iston iqtisodiy o‘sishining barqaror poydevoriga aylanib, aholining hayot sifatini oshiradi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil yozida Prezident Saida Mirziyoyevaga mintaqa rivojlanishiga oid chora-tadbirlar ijrosini nazorat qilish vazifasini topshirgan edi. Shuningdek, 2024-yil avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston YAIMini 2025–2026-yillarda har yili 6–6,5 foizga oshirish hamda sanoat ishlab chiqarishi va xizmatlar hajmini kengaytirishni nazarda tutuvchi qarorni tasdiqlagan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling