O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mamlakat dorixonalarida 70 foizlik tibbiy spirt o‘rniga loson sotilishi holatlarini aniqladi. Qoidabuzarliklar «yashirin xaridor» shaklidagi tekshiruvlar davomida qayd etilgan.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, 20 dan ortiq dorixona o‘rganilgan bo‘lib, ularning qariyb to‘rtdan birida xaridorlarga tibbiy spirt nomi ostida loson taklif qilingan. Qo‘mitaga fuqarolardan murojaatlar kelib tushmoqda, chunki losondan spirt o‘rnida foydalanish samarasiz bo‘lishi va sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Xabarda ta’kidlanishicha, tibbiy spirt in’eksiya oldidan terini tozalash, asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish, jarohatlarni davolash hamda jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi. Loson esa kosmetik mahsulot hisoblanib, tarkibida spirt miqdori kamroq bo‘ladi va asosan terini tozalash hamda kosmetik vositalarni olib tashlash uchun mo‘ljallangan.
Tekshiruvlar davomida GDP (Good Distribution Practice) standartlari joriy etilgach, ayrim spirt ishlab chiqaruvchilari tegishli litsenziyalarni ololmagani va natijada loson ishlab chiqarishga o‘tib, ushbu mahsulotlar dorixona tarmoqlari orqali sotilayotgani aniqlangan.
«Bunday amaliyot iste’molchilarni chalg‘itadi va ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin. Biz bu holatlarni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining alomatlari sifatida baholaymiz», — deyiladi qo‘mita bayonotida.
Idora aniqlangan qoidabuzarliklar dorixonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ma’lumotlar tegishli choralar ko‘rish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga ham yuborilgan.