Yangiliklar
25.12.25
7643

Namanganda ko‘mir ombori mudiri lavozimi uchun 40 ming dollar talab qilingan — ikki kishi qo‘lga olindi

Namanganda «Ko‘mir ta’minot» filiali rahbarining o‘rinbosari va uning sherigi ko‘mir ombori mudiri lavozimi uchun 40 ming dollar pora olish ishi bo‘yicha ushlandi

Namangan viloyatida «Ko‘mir ta’minot» («Ugletaminot») kompaniyasining viloyat filiali rahbar o‘rinbosari va bir xodimi korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, avval sudlangan filial rahbarining o‘rinbosari fuqaro bilan kelishib, 40 ming dollar evaziga uni tuman ko‘mir ombori mudiri lavozimiga tayinlash, shuningdek, ko‘mir yetkazib berish hajmlarini oshirishga va’da bergan. Pul mablag‘larini olishda vositachilikni filial xodimi amalga oshirgan.

6 dekabr kuni gumonlanuvchilar 25 ming dollarni qo‘lga kiritgan, shundan so‘ng fuqaro ombor rahbari etib tayinlangan. Oradan vaqt o‘tib, mansabdor shaxs yana 15 ming dollar, shuningdek, omborga 30 vagon ko‘mir yo‘naltirilgani uchun “ulush” sifatida 7,5 ming dollar talab qilgan. Natijada umumiy talab qilingan summa 22,5 ming dollarni tashkil etgan.

Qolgan pulni olayotgan vaqtda ikki nafar gumonlanuvchi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda qo‘lga olindi.

Ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda katta miqdordagi firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda katta miqdordagi pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular qamoqqa olingan.

DXB ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida aholiga ko‘mirning imtiyozli narxlarda o‘z vaqtida yetkazib berilishi ta’minlangan. Avvalroq «Ko‘mir ta’minot» tizimida mamlakatning boshqa hududlarida ham shunga o‘xshash korrupsiya holatlari aniqlangani xabar qilingan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling