Yangiliklar
12.02.26
7332

Namanganda 19 yoshli qalbaki pul yasovchi qo‘lga olindi

Namangan, qalbaki pullar, soxta so‘m, Jinoyat kodeksining 176-moddasi, DXX, qalbakilashtiruvchi, qo‘lga olish, jinoyat

Namangan viloyatida yirik miqdordagi qalbaki pulni muomalaga kiritishga urinishning oldi olindi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Chortoq tumanida qo‘shma maxsus operatsiya o‘tkazildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon viloyatining Asaka tumanida yashovchi 19 yoshli fuqaro o‘z uyida 100 ming va 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. U 45 million so‘mlik soxta pullarni sotishga uringan vaqtida qo‘lga olingan. Mazkur “partiya” evaziga u 18 million haqiqiy so‘m olishni rejalashtirgan.

Shaxsiy ko‘zdan kechirish chog‘ida gumonlanuvchidan yana 5 million so‘mlik qalbaki pullar ham topildi. Xonadonda o‘tkazilgan tintuv davomida esa noutbuk, rangli printer, maxsus bo‘yoqlar va qalbaki kupyuralarni chop etishda foydalanilgan qog‘ozlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qilishicha, ushlangan shaxs avval ham shunga o‘xshash jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (“Qalbaki pul, aksiz markalari yoki qimmatli qog‘ozlar tayyorlash va ularni o‘tkazish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish tayinlandi. Hozirda soxta kupyuralar ilgari muomalaga kiritilgan-kiritilmagani yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling