Yangiliklar
08.09.25
7539

Samarqandda Amir Temur maqbarasi yonida uchta chinor kesib tashlandi — hokimiyat yangilarini ekishga va’da bermoqda.

Samarqandda Amir Temur maqbarasi yonida uchta chinor kesib tashlandi. Hokimiyat daraxtlar xavf tug‘dirganini ma’lum qilib, yangi ko‘chatlar ekilishini va’da qildi.

Samarqandda Amir Temur maqbarasi yaqinida uchta chinor kesib tashlanishi jamoatchilikda keng muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Daraxtlarning kesilishi aks etgan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, katta rezonans uyg‘otdi.

Viloyat ekologiya boshqarmasi ma’lum qilishicha, chinorlar yillar davomida mustahkamligini yo‘qotgan: tanalarida kovaklar hosil bo‘lgan, yo‘l tomoniga 40 darajagacha og‘ish kuzatilgan. Bu esa piyodalar va sayyohlar uchun xavf tug‘dirgan.

Kesishga rasmiy litsenziya berilgan. Ruxsatnoma 22-avgust kuni Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi murojaati va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xatiga asosan rasmiylashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, har bir kesilgan daraxt o‘rniga 10 tup qimmatbaho ko‘chat ekilishi va ular ikki yil davomida parvarish qilinishi lozim. Mas’uliyat shahar obodonlashtirish boshqarmasiga yuklatilgan.

Ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, yaqin kunlarda yangi chinor ko‘chatlari ekiladi va Amir Temur maqbarasi atrofidagi yashil hudud qayta tiklanadi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling