Turkiyada O‘zbekiston fuqarosining shafqatsizlarcha o‘ldirilishi yuzasidan tergov olib borilmoqda. Ayolning boshsiz jasadi 24-yanvar kuni Istanbul shahrining Shishli tumani Ferikoy mahallasida joylashgan chiqindi konteyneridan topilgan.
Turkiya OAV va rasmiy manbalarga ko‘ra, marhuma 37 yoshli O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Hakimova Durdona bo‘lgan. Ayol jasadi bo‘laklarga bo‘lingan: asosiy qoldiqlar chamadonga solingan holda konteynerga tashlangan, tananing boshqa qismlari esa boshqa joydan aniqlangan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi marhumaning shaxsini tasdiqlab, voqea tafsilotlarini ma’lum qildi. Diplomatlar bergan ma’lumotga ko‘ra, jasad topilgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga soat 19:40 atrofida mahalliy aholi tomonidan xabar berilgan. Dastlabki ko‘zdan kechirish jarayonida jasad boshsiz ekani aniqlangan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma tekshiruvlar natijasida marhumaning shaxsi aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha kamida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyani tark etib, Gruziyaga uchib ketishga uringan paytda hibsga olingan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar marhumaning tanishlari bo‘lib, qurilishda ishlagan. Shuningdek, jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana bir shaxs ham ushlangan.
Hozircha qotillikning sabablari rasman ochiqlanmagan. O‘zbekiston diplomatlari marhumaning yaqinlari bilan aloqa o‘rnatgan va ularga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda. Tergov jarayoni nazoratga olingan, qo‘shimcha ma’lumotlar kelib tushishi bilan e’lon qilinadi.