Yangiliklar
08.10.25
7530

Toshkentda 142 ming aholi shaxsiy avtomobildan voz kechib, avtobusda qatnashni tanlagan — Transport vazirligi

Toshkentda 142 ming kishi shaxsiy avtomobil va taksilardan voz kechib, avtobusda qatnashni boshladi. Transport vazirligi avtobuslar harakat tezligi oshgani va park yangilanganini ma’lum qildi.

Toshkentda 142 mingdan ortiq aholi shaxsiy avtomobil va taksilardan voz kechib, jamoat transportida harakatlanishni tanlagan. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov Senatning byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev so‘roviga javob berar ekan ma’lum qildi.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda poytaxt uchun jami 1004 ta yangi avtobus xarid qilingan — shundan 304 tasi elektrobus, 500 tasi 12 metrlik, 200 tasi esa 18 metrlik transport vositalaridir. Umumiy avtobuslar soni 1847 taga yetgan.

Toshkentning avtobus tarmog‘i to‘liq yangilangan. Hozirda shaharda to‘rt turdagi 164 ta yo‘nalish faoliyat yuritmoqda — bog‘lovchi, halqa, magistral va yetkazuvchi yo‘nalishlar. Harakat oralig‘i ikki baravar qisqarib, 8–10 daqiqani tashkil etmoqda, jamoat transportining o‘rtacha tezligi esa 18 km/soatdan 21 km/soatgacha oshgan.

Vazirlikka ko‘ra, kunlik yo‘lovchi oqimi 2,2 baravar oshib, 1,4 million kishiga yetgan.

Harakat samaradorligini oshirish maqsadida shaharning 31 ta ko‘chasida, umumiy uzunligi qariyb 80 kilometr bo‘lgan alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilgan. Bu esa avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligini 18,7 km/soatdan 24,1 km/soatgacha oshirish va 142 ta yo‘nalishda muntazam qatnovni ta’minlash imkonini bergan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling