Yangiliklar
21.01.26
7522

Toshkentda dorixonalar elektron retseptlarning atigi 13 foizidan foydalanmoqda

Toshkent shahri va viloyatida 412 mingdan ortiq elektron retsept rasmiylashtirilgan, biroq dorixonalarda ularning atigi 13 foizi qo‘llanilgan. Rasmiylar nazorat va tekshiruvlarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Dekabr o‘rtalaridan buyon Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 412 mingdan ortiq elektron retsept rasmiylashtirilgan, biroq dorixonalarda ularning atigi har sakkiztasidan bittasi ishlatilgan. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov prezidentga taqdim etilgan va “O‘zbekiston 24” telekanalida namoyish qilingan taqdimotda ma’lum qildi.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 387 mingdan ortiq elektron retsept davlat tibbiyot muassasalarida, yana 25,4 ming tasi xususiy klinikalarda rasmiylashtirilgan. Shunga qaramay, dorixonalarda bor-yo‘g‘i 54,7 ming retsept qo‘llanilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning 13,3 foizini tashkil etadi.

Shu munosabat bilan rasmiylar dorixona segmenti ustidan nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Azizovning aytishicha, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda dorixonalarda elektron retseptlardan real foydalanish bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ayrim toifadagi dori vositalari savdosini nazorat qilish kuchaytiriladi. Xususan, gormonal va antibakterial preparatlar, jumladan antibiotiklar faqat elektron retsept asosida sotilishi lozimligi qat’iy nazoratga olinadi.

Agentlik rahbari ta’kidlashicha, qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, faqat jarimalar bilan cheklanilmaydi. Asosiy e’tibor farmatsevtlarni o‘qitish va tushuntirish ishlariga qaratiladi. Dorixonalarda qayta instruktajlar o‘tkazish va elektron tizimga to‘liq o‘tish uchun amaliy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, taqdimotda elektron retseptlar bilan ishlash tartibini buzganlik uchun jarimalar kabi javobgarlik choralari ham ko‘zda tutilgan. Tizimni 2026 yil oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy etish rejalashtirilmoqda.

Rasmiylarning kutishicha, elektron retseptlarga to‘liq o‘tish polipragmaziya — bemorlarga ortiqcha dori-darmon buyurilishi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Elektron retseptlar tizimi 12 dekabr kuni pilot rejimda ishga tushirilgan. Biroq tibbiyot muassasalari, dorixonalar vakillari va fuqarolar fikrlari inobatga olinib, Sog‘liqni saqlash vazirligi uni bosqichma-bosqich joriy etishga qaror qilgan. Birinchi bosqichda antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda tizimli ta’sirga ega gormonal vositalar qamrab olingan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling