Toshkentda Chevrolet Lacetti avtomobili yo‘l harakatini tartibga solayotgan YPX xodimini urib yubordi. Jabrlanganga tezkor ravishda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlandi.
Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH 22-yanvar kuni soat 17:30 atrofida Mirzo Ulug‘bek tumanida, Shahrisabz va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli Chevrolet Lacetti haydovchisi chorrahadan o‘tayotib, chapga burilish uchun harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirgan va chorraha markazida transport oqimini tartibga solib turgan YPX inspektorini urib yuborgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hodisa aks etgan videoyozuvlar tarqalgan edi. Tasvirlarda inspektor yo‘l qatnov qismida turgani, shundan so‘ng avtomobil uni orqa tomondan urib yuborgani ko‘rinadi. YPX xodimi asfaltga yiqilgan, biroq ko‘p o‘tmay o‘zi mustaqil ravishda o‘rnidan turgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodisaning barcha holatlarini aniqlash hamda haydovchi harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda.
Shuningdek, avvalroq Namangan viloyatida YPX xodimi ishtirokida o‘lim bilan yakunlangan YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Unda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 18 yoshli haydovchi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida inspektorni urib yuborgan.