Toshkentda har kuni qariyb 3–3,5 tonna non va oziq-ovqat mahsulotlari chiqindiga tashlanadi. Bu haqda “Gazeta” so‘roviga javoban Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda bir sutkada 3000–3500 tonna chiqindi yig‘iladi. Shundan non va oziq-ovqat mahsulotlari ulushi umumiy hajmning taxminan 0,1 foizini tashkil etadi.
Umuman olganda, 2025 yil davomida Toshkentda qariyb 1,1 mln tonna chiqindi yig‘ilgan. Chiqindilarni olib chiqish tizimiga ulangan abonentlar soni 755 ming nafarga yetgan. Ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik esa 19,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Agentlikda qayd etilishicha, tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida tashlab yuborilayotgan non va oziq-ovqat mahsulotlari hajmini kamaytirishga erishilgan. Ularni alohida yig‘ish uchun barcha chiqindi qabul qilish punktlarida maxsus konteynerlar o‘rnatilgan.
Avvalroq soha vakillari oziq-ovqat chiqindilari hajmi oshib borayotganini bildirgan edi. Xususan, 2023 yilda “Maxsustrans” davlat korxonasining bosh inspektori Ismoil Sagdullayev Toshkentda har kuni qariyb 3 tonna non mahsulotlari tashlab yuborilayotganini ma’lum qilgan. 2022 yil aprelida esa O‘zbekiston Adliya vazirligi poytaxtda kuniga o‘rtacha 2 tonna non chiqindiga chiqarilayotgani haqida xabar bergan.