Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Ichki ishlar vazirligi va bojxona organlari bilan hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug‘ullangan yashirin laboratoriya faoliyatiga chek qo‘ydi. Maxsus operatsiya Toshkent viloyatining bir nechta tumanlari hamda poytaxt hududini qamrab oldi.
Tergovga Yuqorichirchiq tumanida Spark avtomobili tekshirilgani sabab bo‘lgan. Mashinada taqiqlangan preparatlarni internet orqali sotish bilan bog‘liq bo‘lgan uch nafar yigit bo‘lgan. Ulardan “Tropikamid” va “Pregabalin” dorilari musodara qilingan.
Keyingi tezkor tadbirlar davomida ikki nafar “zakladchi” qo‘lga olindi. Ular Toshkentning turli hududlarida joylashtirilgan yashirin joylarni ko‘rsatib bergan. Tekshiruvlar natijasida ta’minot manbai Sergeli tumanidagi yashirin laboratoriya ekani aniqlangan.
Xonadonda o‘tkazilgan tintuv vaqtida kapsula tayyorlash bilan shug‘ullangan to‘rt nafar shaxs ushlandi. Uy ichidan qariyb 10 kilogramm kukunsimon xomashyo, 60 mingga yaqin bo‘sh qadoq, tayyor mahsulotlar hamda maxsus laboratoriya uskunalari topilgan.
Shayxontohur tumanida esa yana bir noqonuniy sxema fosh etildi. U yerda erkak shaxs uyida va avtomobilida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari omborini tashkil qilgani aniqlangan. Undan 24 mingdan ortiq turli dori vositalari musodara qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu partiya 34 ming dollarga sotib olingan va Farg‘ona viloyati orqali Qirg‘izistondan noqonuniy olib kirilgan.
Barcha gumonlanuvchilar qamoqqa olindi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy aylanmasi) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Huquq-tartibot organlari jinoyat tarmog‘ining boshqa ehtimoliy ishtirokchilarini, jumladan Farg‘ona vodiysida ham aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.