Yangiliklar
06.01.26
7608

Toshkentda pichoqli erkak ko‘p qavatli uy kirish qismida aholining tinchini buzdi

Toshkentning Yashnobod tumanida mast erkak pichoq bilan pod’yezdda yurib, xonadonlar eshigini taqillatdi. Huquqbuzar qo‘lga olindi.

Toshkentda 5 yanvarga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uylarning birida o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushgan video tarqaldi. Unda qo‘lida pichoq bo‘lgan erkak zinapoyalar bo‘ylab yurib, xonadonlar eshiklarini taqillatgani aks etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB izoh berdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, hodisa taxminan soat 01:35 da Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. 41 yoshli erkak spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan holda qo‘shnisining eshigini tinimsiz taqillatib, aholining tinchini buzgan.

Huquq-tartibot organlari xodimlari fuqaroning jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganini, shuningdek, o‘zida sovutli qurol sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan buyum olib yurganini qayd etdi. Tartibbuzar tezkor ravishda qo‘lga olingan.

Erkakka nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 185-2-moddasi (sovutli qurol yoki sovutli qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan buyumlarni olib yurish), shuningdek 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Ish materiallari Yashnobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan. Hozirda erkak qamoqqa olingan.

Avvalroq Andijon viloyatining 24 yoshli fuqarosi mast holatda begona shaxslar bilan janjallashib, ularga pichoq bilan hujum qilgani, oqibatda bir kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling