2025 yil boshidan buyon Toshkentda avtobuslarda chiptasiz yurmoqchi bo‘lgan 6 mingdan ortiq yo‘lovchi jarimaga tortildi. Qoidabuzarliklar transport inspeksiyasi, Transport nazorati inspeksiyasi va poytaxt jamoat transporti monitoringi davlat muassasasi hamkorligida o‘tkazilayotgan kunlik reydlarda aniqlangan.
Transport vazirligi eslatishicha, bir martalik QR-bilet bilan to‘lov qilgan yo‘lovchilar uni safar oxirigacha saqlab, nazoratchi talab qilganda ko‘rsatishi shart.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-bandiga muvofiq, chiptasiz yurish uchun jarima 1/10 BHM — 41,2 ming so‘m etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvaridan boshlab Toshkentda naqd pul bilan yo‘l haqi to‘lash to‘liq bekor qilindi. Endilikda faqat transport kartalari va QR-biletlardan foydalanilmoqda.