Yangiliklar
07.10.25
7557

Toshkentda o‘zini DXX va Prezident Administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirgan erkak sud qilindi

Toshkentda 32 yoshli erkak o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Prezident Administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirib yurgan. Sud uni 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Toshkentda 32 yoshli Javohir Orifjonov soxta hujjatlar tayyorlash va davlat xizmatchilari unvonini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirgani uchun uch yarim yil ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, erkak yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Lacetti avtomobilini boshqarib ketayotganda to‘xtatilgan. U o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi sifatida tanishtirib, soxta guvohnoma ko‘rsatgan. Tekshiruv jarayonida u “yuqori lavozimli tanishini” qo‘ng‘iroq orqali chaqirishga urinib, javobgarlikdan qochmoqchi bo‘lgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, Orifjonov bir necha marotaba Prezident Administratsiyasi va turli vazirliklar xodimi sifatida tanishgan hamda bir nechta soxta guvohnomalardan foydalangan.

Sud uni Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismining “a” va “b” bandlari hamda 3-qismiga (soxta hujjat tayyorlash va ulardan foydalanish) binoan aybdor deb topdi. 59-modda asosida unga 3,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazo koloniyaga joylashtirilgan holda ijro etiladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling