Toshkentda sud 13 yoshli egizak farzandlari mahalla hududida avtomobil boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nozim Azizovga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lumotiga ko‘ra, erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topilgan. O‘smirlar harakatlangan 01D70200 davlat raqamli Lexus avtomobili esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Tekshiruvga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video sabab bo‘lgan. Unda voyaga yetmaganlar avtomobil boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini buzayotgani, jumladan svetoforning qizil chirog‘ida o‘tayotgani aks etgan. Mahalla aholisi so‘zlariga ko‘ra, o‘smirlar mahalla ichida ham, shahar ko‘chalarida ham yuqori tezlikda harakatlangan.
7 mart kuni bundan norozi bo‘lgan qo‘shnilar ota-onasi bilan gaplashishga harakat qilgan. Biroq Nozim Azizov mahalla aholisini haqorat qilgan. Bu holat ham videoga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Voqeadan so‘ng mahalla aholisidan biri 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Shundan keyin ota va uning o‘g‘illari tekshiruv uchun ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, 8 mart kuni esa sud majlisi bo‘lib o‘tgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’lon qilgan videoda Azizov jamoatchilik va mamlakat prezidentidan uzr so‘rab, bundan buyon farzandlarining xatti-harakatlarini qat’iy nazorat qilishini aytgan. U, shuningdek, o‘g‘illarining avtomobil boshqarishiga doimo qarshi bo‘lganini ta’kidlagan.