Toshkentning Bektemir tumanida 3-sinf o‘quvchisi 9-sinf o‘quvchisi bilan kelishmovchilikdan so‘ng yuz qismidan jarohat oldi. Hodisa 4-oktabr kuni soat 16:30 atrofida, darslar tugagach sodir bo‘lganini poytaxt Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘quvchilar hovlida futbol o‘ynash uchun yig‘ilishgan. O‘yin oldidan ular o‘rtasida bahs chiqib, kichik o‘quvchi kattasini haqorat qilgan va velosipedda qochmoqchi bo‘lgan. Shu payt 9-sinf o‘quvchisi velosipedning orqa g‘ildiragiga oyog‘i bilan tepgan, natijada bola yiqilib, yuz qismidan jarohat olgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kichik sinf o‘quvchisi urib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq bu ma’lumot tasdiqlanmadi.
Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ta’lim boshqarmasi ma’lum qilishicha, bunday holatlarning oldini olish maqsadida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi.