Yangiliklar
20.01.26
7339

Toshkentda bir yil davomida qidiruvdagi 2 mingdan ortiq jinoyatchi qo‘lga olindi

2025 yilda Toshkentda qidiruvda bo‘lgan 2 146 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularning aksariyati firibgarlik va o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha yashirinib kelgan.

Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha qidiruv faoliyati natijalarini sarhisob qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan 3 923 kishidan 2 146 nafari qo‘lga olingan. Ularning barchasi tergov va suddan yashirinishga uringan bo‘lib, ichki ishlar organlari, prokuratura hamda sud tizimi xodimlari tomonidan aniqlanib, ushlangan.

Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p hollarda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ayblanuvchilar — 1 084 nafar shaxs adolatdan qochishga uringan. Shuningdek, o‘g‘rilikda gumon qilingan 293 kishi ham qidiruvda bo‘lgan. Ushlanganlar orasida noqonuniy giyohvandlik moddalar aylanmasi uchun qidirilgan 143 nafar, mulkni talon-toroj qilish bo‘yicha 83 nafar, bezorilik uchun 48 nafar, talonchilikda gumon qilingan 38 nafar, shuningdek terrorizm va ekstremizmda ayblanayotgan 20 nafar shaxs bor.

Bundan tashqari, o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumon qilingan shaxslar ham qo‘lga olingan. Jumladan, og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblangan 18 nafar, bosqinchilik hujumlari bo‘yicha 16 nafar, tovlamachilikda gumon qilingan 14 nafar, odam savdosi bilan bog‘liq 7 nafar, qotillik bo‘yicha 6 nafar va zo‘rlashda ayblangan 5 nafar shaxs ushlangan.

Qidiruv ishlari mamlakat tashqarisida ham olib borilgan. Xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik doirasida 86 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan. Ulardan 73 nafari MDH davlatlari hududida, 17 nafari esa uzoq xorij mamlakatlarida aniqlangan. Yil davomida 67 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Shuningdek, avval sodir etilgan jinoyatlar ham fosh etildi. Xususan, 2025 yil mart oyida 2012 yildan buyon odam savdosi ishi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan ayol qo‘lga olingan. Yanvar oyida esa 2019 yildan beri qotillik aybi bilan yashirinib kelgan erkak ushlangan.

Bundan tashqari, tezkor bo‘linmalar tomonidan rasman qidiruvda bo‘lmagan, biroq ongli ravishda tergov va sud organlariga kelishdan bo‘yin tovlagan 741 nafar shaxs aniqlangan.

Avvalroq Xorvatiyadan O‘zbekistonga firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan mamlakat fuqarosi ekstraditsiya qilingani haqida xabar berilgandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling