Yangiliklar
30.01.26
7545

Toshkentda 284 mln so‘mlik yirik miqdordagi giyohvand modda bilan erkak ushlandi

Toshkentning Yangihayot tumanida 284 mln so‘mlik giyohvand moddalarni sotish maqsadida saqlagan 55 yoshli erkak ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkentning Yangihayot tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari giyohvand moddalarni keyinchalik sotish maqsadida saqlashda gumon qilinayotgan 55 yoshli erkakni qo‘lga oldi. Maxsus tadbir Toshkent shahar IIBB xodimlari hamda DXXning hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchining yashash manzilida o‘tkazilgan tintuv davomida 410 ta o‘ramga qadoqlangan giyohvand moddalar aniqlangan. Musodara qilingan moddalarning umumiy qiymati 284 mln so‘mga baholanmoqda.

Ushlangan shaxsning aytishicha, u giyohvand moddalarni o‘zi ham iste’mol qilgan hamda tanishlari orqali Telegram’da «zakladka»lar joylashuvi bo‘yicha koordinatalarni olib turgan. Erkak o‘z aybini to‘liq tan olib, yaqinlari va oila a’zolaridan omma oldida uzr so‘ragan.

Qayd etilishicha, u avval ham giyohvand moddalar noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq shunga o‘xshash jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston JKning 273-moddasi — giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy tayyorlash, olish, saqlash va sotish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, avvalroq Bekobod shahrida ham shunga o‘xshash holat aniqlanib, huquq-tartibot organlari qariyb ikki kilogramm opiy hamda uni sotishdan olingan yirik miqdordagi pullarni musodara qilgan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling