25-avgust kuni Toshkentning Chilonzor tumanidagi 16-shahar shifoxonasi yonida O‘zbekistondagi birinchi tibbiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan issiqlik energiyasi olish zavodi ishga tushirildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi xabar berdi.
Korxona AQShning Sayar kompaniyasi tomonidan qurilgan. Hozircha zavod kuniga qariyb 3 tonna chiqindini yoqmoqda, loyiha quvvati esa 20 soatlik ish davomida 6 tonnani tashkil etadi. Mazkur obyektning o‘ziga xosligi shundaki, u tibbiy chiqindilarni yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi.
Shunga o‘xshash inshootlar Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ham barpo etilmoqda.
2024-yil aprelida investorlar, loyihachi kompaniya va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, birinchi bosqichda (2024–2025-yillar) 7 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Bu yiliga 6 ming tonnagacha tibbiy chiqindilarni qayta ishlash va Toshkent, Samarqand hamda Buxoro viloyatlarida jami 20 Gvt/soat quvvatga ega uskunalarni ishga tushirish imkonini beradi.
Ikkinchi bosqichda (2026–2030-yillar) investitsiyalar hajmi 108 mln dollarni tashkil etadi. Bu orqali yiliga 90 ming tonnagacha tibbiy chiqindilarni qayta ishlash va respublika bo‘yicha tibbiyot muassasalari uchun 300 Gvt/soat issiqlik energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.