Toshkent metrosida noodatiy voqea yuz berdi — ayol “G‘afur G‘ulom” bekatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bola tug‘di. Bu haqda poytaxt metropoliteni matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bekatda navbatchilik qilayotgan ichki ishlar xodimi voqeani dispetcher Naima Maxamajanovaga yetkazgan. Dispetcher zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatib, ayolga bola tug‘ish jarayonida yordam bergan.
Bola tug‘ilgach, dispetcher kindikni bog‘lab, chaqaloqqa birinchi nafas olishiga ko‘maklashgan. Metropoliten xodimlari esa tez yordam va ayolning yaqinlarini chaqirgan.
Tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar stansiya xodimlari ona va chaqaloqning ahvolini kuzatib, ularning xavfsizligini ta’minlab turgan.
“Onaning ham, yangi tug‘ilgan chaqaloqning ham sog‘ligi yaxshi — ular shifoxonaga yetkazildi”, — deyiladi metropoliten axborotida.