Yangiliklar
09.10.25
7507

Toshkent viloyatida siams egizaklari muvaffaqiyatli ajratib olindi

Chirchiqda shifokorlar siams egizaklarini ajratish bo‘yicha besh soatlik operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bolalarning ahvoli qoniqarli, ular onasi bilan uyiga javob berildi.

Toshkent viloyatida muddatidan oldin tug‘ilgan siams egizaklarini ajratish bo‘yicha noyob operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jarrohlik amaliyoti Chirchiq shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy markazining filialida o‘tkazildi. Operatsiya egizaklar tug‘ilganidan to‘qqiz soat o‘tib boshlangan va besh soat davom etgan.

Amaliyot Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal jarrohlik markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashov boshchiligidagi mutaxassislar guruhi tomonidan amalga oshirildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov 8-oktabr kuni muassasaga tashrifi chog‘ida bu darajadagi murakkab operatsiyaning mintaqa miqyosida o‘tkazilgani o‘zbek shifokorlarining yuksak malakasini va milliy tibbiyot tizimining rivojlanayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Operatsiyada qatnashgan mutaxassislar guruhi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Egizaklarning ahvoli qoniqarli ekani, ona va bolalar uyiga javob berilgani ma’lum qilindi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling