O‘zbekistonda sud qarorlariga ta’sir o‘tkazishga va’da bergan ikki nafar advokat yirik miqdordagi pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi holat Toshkentda qayd etilgan. Yuridik firmalardan birida ishlovchi advokat firibgarlik va pora berish (JKning 168 va 211-moddalari) bo‘yicha ayblanayotgan mijoziga ehtiyot chorasi o‘zgartirilishi va “vaziyat yumshatilishi”ni va’da qilgan. Buning evaziga u 3,7 ming dollar so‘ragan. Advokat pulni olayotganda qo‘lga olingan.
Ikkinchi holat Surxondaryo viloyatining Denov tumanida sodir bo‘lgan. Mahalliy advokat bir fuqaroga “aloqalari orqali” yengilroq hukm chiqishiga yordam berishini aytgan. U 60 million so‘mni olayotgan paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan. Tergov davom etmoqda.