O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda klaster tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda. Tegishli takliflar 14-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Gap 2026–2030 yillarda mamlakatning bir qator shahar va tumanlarida amalga oshirilishi taklif etilayotgan huquqiy eksperiment haqida bormoqda.
Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 7,1 milliondan ortiq aholi 44 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uylarda yashaydi. Ularning xizmatini 900 dan ortiq boshqaruvchi servis kompaniyalari hamda 200 dan ziyod uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 856 ta uyda o‘zini o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.
Taqdimot davomida ta’kidlanishicha, boshqaruvchi kompaniyalarning aksariyati hanuzgacha majburiy badallar hisobiga faoliyat yuritmoqda, sohada investitsion faollik esa pastligicha qolmoqda. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, yirik shaharlarda boshqaruvchi kompaniyalarning yashirin daromadlari rasmiy deklaratsiya qilingan tushumlardan kamida ikki barobar yuqori bo‘lib, bu tizimni isloh qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Taklif etilayotgan model doirasida uylarni tahlil qilish va ularni “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratish rejalashtirilmoqda. Kamida 7 mingta kvartirani o‘z ichiga olgan lotlar shakllantirilib, besh yillik rivojlanish dasturlari ishlab chiqiladi. Ularni tasdiqlash vakolati tuman xalq deputatlari kengashlariga yuklanadi.
Uy-joy mulkdorlari boshqaruvchi kompaniyalarni “Mening uyim” raqamli tizimi orqali ovoz berish yo‘li bilan mustaqil tanlashlari mumkin bo‘ladi. Boshqaruvchi kompaniyalar uchun minimal moliyaviy va tashkiliy talablar belgilanadi. Jumladan, o‘z mablag‘lari, moddiy-texnik baza hamda 24 soat ishlaydigan dispetcherlik xizmati mavjud bo‘lishi shart etib belgilanadi.
Shu bilan birga, boshqaruvchi tashkilotlarga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari ham yaratiladi. Xususan, maishiy servis markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyalardan obyektlar qurish va ularni uzoq muddatli ekspluatatsiya qilish orqali daromad topish ko‘zda tutilmoqda.
Barcha majburiy badallar va qo‘shimcha tushumlarni faqat “Mening uyim” tizimi orqali hisobga olish taklif etilmoqda. Ushbu tartibga rioya qilmaslik buxgalteriya hisobi qoidalarining buzilishi sifatida baholanadi. Umumiy mulkdan ijara yoki bepul foydalanish bo‘yicha shartnomalar soliq organlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, boshqaruvchi kompaniyalar elektron reyestrdan chiqarilishi mumkin.
Shuningdek, umumiy yig‘ilishlarni o‘tkazish, qarorlar qabul qilish, shartnomalar tuzish, murojaatlar yuborish va hisobotlarni taqdim etish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Tizimda choraklik hisobotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, majburiy badallarni hisoblash keyinchalik qayta hisob-kitob qilinmasdan to‘xtatiladi.
Avvalroq senatorlar boshqaruvchi kompaniyalar xizmatlari sifati pastligi va hisobotlarning shaffof emasligi yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab shikoyatlar sabab Vazirlar Mahkamasiga so‘rov yuborgani xabar qilingan edi.