Yangiliklar
16.01.26
7408

O‘zbekistonda tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini yangilash rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston prezidenti yangi global chaqiriqlar va milliy manfaatlarni inobatga olgan holda 2012 yilda qabul qilingan tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi

O‘zbekistonda 2012 yildan buyon amal qilib kelayotgan tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu topshiriqni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosat masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda berdi.

Davlat rahbari hozirgi geopolitik o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy mojarolar hamda global iqtisodiy transformatsiyalar tashqi siyosat yo‘nalishini milliy manfaatlar va yangi voqeliklarga mos ravishda doimiy yangilab borishni taqozo etayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda olib borilayotgan ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi izchil mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi o‘zgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar va savdo yo‘nalishlarining shakllanishi, texnologik hamda energetika bozorlaridagi transformatsiyalar yanada faol va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan prezident tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini yangilash, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda milliy manfaatlarni himoya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi pozitsiyalarini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilash zarurligini qayd etdi.

“Yangi konsepsiya davlatning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlar mantiqini hamda iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiyalar, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarni kompleks tarzda aks ettirishi lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Amaldagi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi 2012 yil 10 sentabrda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan imzolangan qonun bilan tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu hujjat Lex.uz milliy qonunchilik ma’lumotlar bazasida mavjud emas, biroq ayrim rasmiy hujjatlarda unga havolalar saqlanib qolgan.

Konsepsiyaga so‘nggi bor 2019 yilda o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, unda “harbiy doktrina” atamasi “mudofaa doktrinasi” bilan almashtirilgan. Avvalroq prezident 2018 yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yildagi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini zamonaviy xavf va tahdidlarni inobatga olgan holda yangilash bo‘yicha topshiriq bergani ham ma’lum qilingan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling