O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlashni sezilarli darajada oshirish va turar-joy fondini kengaytirishga qaratilgan yangi urbanizatsiya strategiyasini tasdiqladi. Hujjatga ko‘ra, bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yashash maydoni 18,9 m² dan 23 m² gacha oshirilishi belgilangan.
Ushbu maqsadga erishish uchun 2040 yilga borib yillik uy-joy qurilishi hajmi ikki barobardan ortiq oshirilishi — yiliga 280 ming kvartiraga yetkazilishi rejalashtirilgan. Hozirgi ko‘rsatkichlar mamlakatning demografik ehtiyojlariga javob bermasligi tan olindi, chunki O‘zbekistonda har yili taxminan 200 ming yangi oila shakllanadi.
Davlat dasturi qurilish sur’atlarini bosqichma-bosqich oshirishni nazarda tutadi. Shunday qilib, 2026 yilda 140 ming kvartira, 2027 yilda 150 ming, 2028 yilda esa 160 ming turar-joy birligi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri eski uy-joy fondini yangilash va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘ladi. Rеnovatsiya loyihalarining umumiy qurilishdagi ulushi hozirgi 15% dan 2040 yilga borib 60% ga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, dastur “Yangi O‘zbekiston” zamonaviy turar-joy massivlarini kengaytirishni nazarda tutadi — ularning soni mamlakat bo‘ylab 120 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Loyihalarni tezkor amalga oshirish uchun Uy-joy raqamli boshqaruv tizimi joriy etiladi. U umumiy reja bazasi, qurilish uchun tayyor yer uchastkalari reyestri hamda developerlar reytingini birlashtiradi.
Raqamlashtirish jarayonlari byurokratik tartiblarni sezilarli darajada qisqartirishga yordam beradi: quruvchilar uchun ruxsatnoma olish muddati bir necha oylikdan 7–15 kungacha qisqartirilishi rejalashtirilgan.