O‘zbekistonda tuman va shahar hokimiyatlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatga ko‘ra, hokim o‘rinbosarlari soni to‘rt nafarga qisqartiriladi. Hozirda tuman hokimlarining oltitagacha o‘rinbosari mavjud.
Shuningdek, 2026-yil oxirigacha 32 ta tuman va shaharda yangi boshqaruv tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Loyihaga binoan, to‘qqizta vazirlik va idoraning hududiy tuzilmalari hokimiyat tizimiga integratsiya qilinadi. Ular orasida:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi,
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,
Ekologiya vazirligi,
Madaniyat vazirligi,
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi,
Yoshlar agentligi.
Loyiha asosida hokimlarga kengaytirilgan vakolatlar beriladi. Ular mazkur tuzilmalar ustidan to‘liq rahbarlik qilish, shtat birliklarini mustaqil belgilash, xodimlarni tayinlash va ozod etish, shuningdek, rag‘batlantirish va intizomiy choralar qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.