O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi suyultirilgan gaz (propan) importi bilan shug‘ullanuvchi 92 ta kompaniyaga nisbatan antimonopoliya ishlarini qo‘zg‘atdi. Idora birja savdolarida narxlarni asossiz oshirish va savdo hajmlarini cheklashga qaratilgan raqobatga zid kelishilgan harakatlar alomatlari aniqlanganini ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil noyabr–dekabr oylarida hamda 2026 yil yanvarida importyor kompaniyalar propan bo‘yicha boshlang‘ich narxlarni kelishilgan holda oshirgan, shuningdek, birjaga chiqariladigan hajmlarni sun’iy ravishda qisqartirgan bo‘lishi mumkin. Regulyator aralashuvidan so‘ng propanning o‘rtacha birja narxi bir tonnasi uchun 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mgacha tushdi, bu qariyb 18 foizlik pasayishni anglatadi.
Antimonopoliya ishlari mamlakatning turli hududlaridagi kompaniyalarga nisbatan ochilgan. Eng ko‘p holatlar Toshkent shahriga (21 ta kompaniya) va Samarqand viloyatiga (17 ta) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, tekshiruvlar Farg‘ona, Xorazm, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Buxoro viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent viloyatini ham qamrab olgan.
Qo‘mita avtotransport uchun gaz quyish shoxobchalarida chakana narxlar doimiy monitoring qilinayotganini, bu ularning asossiz oshishining oldini olishga qaratilganini ham bildirdi. Avvalroq regulyator birjada maksimal narx spredini 20 foizdan 10 foizgacha qisqartirgan, shuningdek, importyorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun propan bo‘yicha boshlang‘ich narxning yuqori chegarasini bir tonna uchun 7,5 mln so‘m etib belgilagan edi.
12 yanvar kuni birja savdolarida propan savdosi hajmi 1221 tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi kunga nisbatan ikki barobardan ko‘proq kam. Qo‘mita bunday pasayish boshlang‘ich narxlar bo‘yicha joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekistonda bir yil davomida propan bo‘yicha birja narxlari qariyb 50 foizga oshgan. Bu import gaz ulushining keskin ko‘payishi — 20 foizdan 90 foizgacha yetgani fonida kuzatilgan. Shu bilan birga, bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda import qilinayotgan propanning o‘rtacha narxi bir tonnasi uchun taxminan 423 dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu ichki birja kotirovkalari darajasidan ancha past.