O‘zbekistonda yirik loyihalarni nazorat qilish uchun Sanoat kengashi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon va metallurgiya sohasidagi strategik loyihalar ijrosini muvofiqlashtiradigan Sanoat kengashi tashkil etilishini ma’lum qildi. Qaror Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra qabul qilindi.
Yangi tuzilma davlat rahbari boshchiligida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi umumiy qiymati 22 mlrd dollarga teng loyihalarni tizimli nazorat qilish hamda mis, uran, litiy va boshqa resurslarga global talab ortib borayotgan sharoitda tarmoqni modernizatsiya qilish jarayonini jadallashtirishdan iborat bo‘ladi.
Rejalarga ko‘ra, 2030-yilga borib mamlakatda foydali qazilmalar qazib olish hajmi sezilarli oshiriladi:
— oltin — 175 tonnagacha;
— mis — 500 ming tonnagacha;
— uran — 15 ming tonnagacha;
— kumush — 500 tonnagacha.
2026-yilda esa 90 ta loyiha doirasida 2,2 mlrd dollar investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Tarmoqning asosiy loyihalari
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident mis boyitish fabrikasi №3 qurilishini tezlashtirish hamda MBF-4 loyihasini xalqaro ekspertlar ishtirokida yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, xomashyoni chuqur qayta ishlashning navbatdagi bosqichi sifatida yangi mis eritish zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun esa “Muruntau” konini kengaytirish va murakkab rudalarni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi.
Samaradorlik va import o‘rnini bosish
Sanoat kengashi har oy quyidagi masalalarni nazorat qiladi:
— mahsulot tannarxini kamaytirish;
— energiya sarfini qisqartirish;
— korxonalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish.
Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga ham alohida urg‘u berildi. Joriy yilda ichki ishlab chiqaruvchilardan xaridlar hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, selen, tellur kabi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega metallar hamda kukunli metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Kadrlar va ta’lim
Dastur doirasida qariyb 38 ming mutaxassis, jumladan 7,5 ming muhandis tayyorlash talab etiladi. Shu bois sohaviy ta’lim tizimini isloh qilish tashabbusi ilgari surildi: oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim joriy etiladi, ilmiy grantlar esa sanoatning amaliy muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi.
Sanoat kengashi davlat, ilm-fan va biznes o‘rtasida muvofiqlashtiruvchi platforma bo‘lib, tarmoqdagi transformatsiya jarayonlarini muntazam monitoring qilib boradi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev qiymati 2,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan mis boyitish fabrikasi №3ni ishga tushirish marosimida ishtirok etgandi. Ushbu loyiha mamlakat sanoat salohiyatini mustahkamlash va tabiiy xomashyoni chuqur qayta ishlashni kengaytirishda muhim bosqich bo‘ldi.