Yangiliklar
05.02.26
7505

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi boshlandi

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi boshlandi. Xonadonma-xonadon yurish ishlari 28 fevralga qadar davom etadi.

4 fevraldan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi boshlandi. U 28 fevralga qadar davom etadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Mazkur bosqich doirasida mahallalardagi “yettitalik” vakillari xonadonma-xonadon yurib, ma’lumotlarni planshetlar orqali elektron tizimga kiritadi. Ro‘yxatga oluvchilar 15–31 yanvar kunlari o‘tkazilgan onlayn ro‘yxatga olishda ishtirok etmagan yoki anketa to‘ldirishda xato va noaniqliklarga yo‘l qo‘ygan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni aniqlashtiradi.

Shuningdek, ma’lumotlari to‘g‘ri kiritilgan ayrim aholiga ham tashrif buyurilishi mumkin. Bunday tanlab tekshirishlar xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq axborotning sifati va ishonchliligini baholash maqsadida o‘tkaziladi hamda odatda ishtirokchilarning 10–15 foizini qamrab oladi.

Fuqarolarga pasport ma’lumotlari, bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari, shuningdek, uy-joy va yer uchastkalari bo‘yicha axborotni oldindan tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi. Qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xonadonlar qo‘shimcha ravishda yer maydoni, yetishtirilayotgan ekinlar, chorva va parrandalar soni haqida ma’lumot taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Onlayn ro‘yxatga olishning 17 kuni davomida unda 30 milliondan ortiq kishi ishtirok etdi, bu mamlakatdagi barcha xonadonlarning 82,3 foizini tashkil etadi. Olis va tog‘li hududlardagi 224 mahallada aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish ishlari muddatidan oldin — 2025 yil noyabr oyida o‘tkazilgan.

Ro‘yxatga oluvchini qanday tekshirish mumkin

Har bir ro‘yxatga oluvchida QR-kodli xizmat guvohnomasi bo‘lishi shart. Ushbu kod orqali uning shaxsi va vakolatlarini tekshirish mumkin. Shubha tug‘ilganda fuqarolar 1851 qisqa raqamli koll-markazga murojaat qilishi mumkin.

Ro‘yxatga oluvchilarning harakatlari GPS orqali nazorat qilinadi. Agar ma’lumotlar xato, to‘liq bo‘lmagan holda yoki xonadonga real tashrifsiz kiritilsa, tizim anketani avtomatik rad etadi va planshetga ogohlantirish yuboradi.

Qo‘mitada ta’kidlanishicha, barcha ma’lumotlar maxfiy bo‘lib, faqat statistik maqsadlarda — mamlakat rivojini tahlil qilish va rejalashtirish uchun foydalaniladi. Ular soliq, tekshiruv yoki boshqa ma’muriy choralar uchun qo‘llanilmaydi. Shuningdek, ro‘yxatga oluvchilar SMS-kodlar yoki pul mablag‘larini talab qilishga haqli emas.

Umuman olganda, ro‘yxatga olish jarayoniga qariyb 60 ming kishi jalb etilgan. Ular orasida 54 ming nafar mahallalardagi “yettitalik” vakillari, zaxira xodimlar, hududiy shtablar a’zolari va ko‘ngillilar bor. O‘zbekistonda avvalgi aholini ro‘yxatga olish 37 yil avval — 1989 yilda o‘tkazilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling