O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Tegishli chora-tadbirlar 3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan farmon bilan tasdiqlandi. Hujjatda jabrlanganlarni himoya qilishning yangi mexanizmlari, qonunchilikka o‘zgartirishlar va qator jinoyatlar uchun jazoni og‘irlashtirish ko‘zda tutilgan.
Tashabbusning asosiy maqsadi — ayollar va bolalar huquqlarini yanada samarali himoya qilish, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish hamda bu yo‘nalishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishdir.
Profilaktika choralarini kengaytirish rejalashtirilgan. 2030 yilgacha nikohdan o‘tuvchi barcha fuqarolar “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorgarlik” maxsus kurslarini o‘tishi lozim bo‘ladi. Ushbu kurslar Oila va xotin-qizlar markazlari huzurida tashkil etiladi. 2026 yilga qadar bo‘lajak turmush qurganlarning kamida 50 foizi, 2027 yilga kelib esa 60 foizi o‘qitilishi belgilangan.
1 apreldan boshlab himoya orderi olgan ayollarga ularning roziligi bilan telefon yoki boshqa qurilmalarga my.ihma.uz mobil ilovasi o‘rnatiladi. Ilovada favqulodda yordam chaqirish — SOS tugmasi mavjud bo‘ladi. Tugma bosilganda, besh kilometr radiusdagi ichki ishlar organlari xodimlari 10 daqiqa ichida yetib kelishi kerak.
1 noyabrdan boshlab jinsiy erkinlikka qarshi ayrim jinoyatlar faqat prokuratura organlari tomonidan tergov qilinadi. Bunga zo‘rlash, jinsiy aloqaga majburlash, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar va buzuq harakatlar bilan bog‘liq moddalar kiradi.
Shuningdek, jinsiy tegajog‘lik bilan bog‘liq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda jinoyat alomatlari yo‘qligi haqida prokuror xulosasini olish majburiy etib belgilanadi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlariga zo‘ravonlik sodir etgan va ruhiy holati bo‘yicha shubha uyg‘otgan shaxslarni majburiy ambulator psixiatrik ko‘rikka yuborish vakolati beriladi.
Yaqin oylarda voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada og‘irlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi kutilmoqda. Xususan, ilgari bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar tomonidan 14 yoshga to‘lmagan bolani zo‘rlash holatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Bunday jinoyatlar uchun sudlanganlar koloniyalarga ko‘chirilmaydi, ularning saqlash sharoitlarini yengillashtirish esa faqat psixologik tuzatish dasturlaridan o‘tgandan keyin mumkin bo‘ladi.
Uch oy ichida bir qator yangi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Ular orasida:
— femitsid — ayolni jinsiy belgisi asosida o‘ldirish;
— familitsid — oila a’zolarini o‘ldirish;
— stalking — shaxsni uning irodasiga qarshi noqonuniy ta’qib qilish;
— kibzo‘ravonlik — internet va ijtimoiy tarmoqlarda ta’qib yoki bosim o‘tkazish;
— onlayn-gruming — voyaga yetmaganlar bilan internet orqali aloqa o‘rnatib, ularni jinsiy ekspluatatsiya qilishga urinish.
2027 yildan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlikka oid ishlarni asosan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar ko‘rib chiqadi. Ularni o‘qitish xalqaro ekspertlar ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyalari bazasida tashkil etilishi rejalashtirilgan.