O‘zbekistonda korruptsiya huquqbuzarliklari haqida xabar beruvchi fuqarolar uchun himoya tartibi joriy etilmoqda. Tegishli normalar «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyani oldini olish tizimi va unga qarshi kurashni takomillashtirish» prezident farmonida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiya faktlarini bildirgan shaxslarga himoya orderlari berib, ularni ish faoliyati davomida bosim va ta’qibdan himoya qiladi.
Korruptsiyaga qarshi kurashga hissa qo‘shgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashga hissa qo‘shganlik uchun» yodgorlik nishoni joriy etiladi.
2026 yil iyun oyigacha agentlik va tegishli idoralar birgalikda rag‘batlantirish tizimini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi. Jumladan, E-Anticor.uz platformasini Janubiy Koreya Clean Portal tajribasiga asoslanib modernizatsiya qilish, agentlikka koordinatsiya organi maqomini berish va rag‘batlantirish tizimini Fuqarolik nazorati rivojlantirish jamg‘armasi orqali tashkil etish rejalashtirilgan.
2026 yil 1 iyuldan «Raqamli komplayens» axborot-dasturiy kompleksining test rejimida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bu modul antikorrupsiya klasteri ishtirokchilari o‘rtasida ma’lumotlar almashuvini tezkor tashkil etadi va ichki antikorrupsiya bo‘limlarining ishini to‘liq raqamlashtiradi («E-Komplayens» moduli orqali).
Shuningdek, agentlikka davlat organlari va tashkilotlarga korruptsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rib chiqiladigan tavsiyalar va takliflarni yuborish huquqi beriladi.
Oldinroq mamlakatda korrupsiyani oldini olish klasteri ishlash tartibi tasdiqlangan bo‘lib, u davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.