O‘zbekiston hukumati suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirmoqchi. Bu boradagi tegishli farmonni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan uskunalar ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilariga nisbatan yangi talablar joriy etiladi. Suvni tejovchi tizimlarda qo‘llaniladigan nasos va filtrlar QR-kodlar hamda maxsus markirovka bilan chiqariladi, shuningdek sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilish uchun GPS-trekerlar bilan jihozlanadi. Bunday uskunalarni o‘rnatish faqat tasdiqlangan minimal texnik talablar va me’yorlarga rioya qilingan taqdirdagina majburiy bo‘ladi.
Bank kreditlari jalb etilmasdan amalga oshiriladigan tashabbuskor loyihalar uchun subsidiyalashning yangilangan mexanizmi joriy etiladi. Loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanib, yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzilgach, subsidiyaning 50 foizi avans tariqasida to‘lab beriladi. Qolgan mablag‘lar uskunalar ishga tushirilgach ajratiladi. Agar avans olinganidan keyin ikki oy ichida texnologiyalar o‘rnatilmasa, subsidiya qaytarib olinadi.
2027 yildan boshlab soliq stavkalari va subsidiya miqdorlari yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Suv ta’minoti beqaror bo‘lgan hududlardagi yer uchastkalarida suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilganda subsidiyalar 1,25 koeffitsiyent bilan hisoblanadi. Aksincha, suv ta’minoti barqaror bo‘lgan yerlarda bunday texnologiyalar qo‘llanilmasa, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq ikki barobarga oshiriladi.
Shuningdek, 2027 yildan boshlab tadbirkorlar sholi maydonlari va baliqchilik xo‘jaliklarida suv hisobini yuritish uchun “aqlli” hisoblagichlarni o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatishi shart bo‘ladi. Bunday qurilmalar mavjud bo‘lmagan taqdirda, suv resurslaridan foydalanish uchun soliq ham ikki barobarga oshiriladi.
Hujjatda, shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan boshlab Suv xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi yangi ish standartlariga o‘tayotgani eslatiladi: tadbirkorlik subyektlarini tekshirish jarayonlari xodimlarning shaxsiy videoregistratorlari orqali qayd etiladi.