Yangiliklar
06.10.25
7690

O‘zbekistonda korrupsiya ishlariga aloqador amaldorlar qo‘lga olindi

O‘zbekistonning turli hududlarida pora olishda gumonlanayotgan sudya va bir nechta mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati mamlakatning turli hududlarida korrupsiya jinoyatlarida gumonlanayotgan bir qator mansabdor shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Namangan viloyatida hakamlik sudi sudyasi «Mustaqillik» mahallasidagi nizo bo‘lgan noturar bino yuzasidan foydasiga qaror chiqarish evaziga 3 200 dollar olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Farg‘ona viloyatida veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimi fermer xo‘jaligi rahbaridan xo‘jalikka naslli xo‘jalik maqomini rasmiylashtirib berish uchun 500 dollar talab qilgan. Keyinchalik o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida uning o‘rinbosari ham yana 300 dollar olayotgan vaqtida ushlangan.

Samarqand viloyatida buxgalteriya kompaniyasi direktori va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi fuqaroga mehnat stajini soxtalashtirish va pensiya tayinlab berish evaziga 2 000 dollar so‘ragan. Ulardan biri 1 900 dollar olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Toshkentda esa shahar obodonlashtirish boshqarmasining ikki bo‘lim boshlig‘i qurilish firmasi vakilidan Bo‘zsu kanaliga noqonuniy chiqindilar tashlanganini yashirish va «homiylik» qilish evaziga 30 million so‘m olgan.

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling