Yangiliklar
23.01.26
7398

O‘zbekistonda 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlandi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqi kuchga kirmoqda. Antikvar avtomobillar uchun alohida toifa joriy etilib, ANT seriyali davlat raqam belgilari beriladi.

O‘zbekistonda 1-fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish hamda ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi. Ushbu norma 20-yanvar kuni qabul qilingan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirishga oid hukumat qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, bunday transport vositalari davlat ro‘yxatidan chiqariladi yoki antikvar avto-mototransport toifasiga o‘tkaziladi. Antikvar avtomobil va mototsikllar uchun ANT seriyali alohida davlat raqam belgilari joriy etiladi, shuningdek, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va foydalanishning maxsus tartibi belgilanadi.

Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 2025 yil holatiga ko‘ra mamlakatda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan qariyb 87,6 mingta avtomobil ro‘yxatda turganini ma’lum qilgan edi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bunday avtomobillar zamonaviy xavfsizlik talablari va ekologik standartlarga javob bermaydi hamda o‘rtacha hisobda 30 foizga ko‘proq zararli moddalar chiqaradi.

Shuningdek, IIV 2024–2025 yillarda 50 yildan oshgan avtomobillar ishtirokida 67 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganini, ular oqibatida 23 kishi halok bo‘lganini qayd etgan. Bundan tashqari, mazkur transport vositalarida davlat raqam belgilaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 139 ta holat aniqlangan.

Yangi raqam seriyalari va ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish

Taqiq joriy etilishi bilan birga, fevral oyidan boshlab mamlakatda davlat raqam belgilarining yangi seriyalari ham amal qila boshlaydi:

YUK — umumiy og‘irligi 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun;

KON — konlar, shaxtalar va karyerlarda foydalaniladigan maxsus texnika uchun;

TTT — yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan noliniyaviy taksilar uchun.

Qarorda ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini soddalashtirish ham nazarda tutilgan. Xususan, ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasida mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi, oldi-sotdi shartnomalari, auksion bayonnomalari, elektron hisob-ma’lumotnomalar hamda egasi haqidagi ma’lumotlar idoralararo elektron tizimlar orqali avtomatik tarzda olinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rasmiylar 2030 yilgacha Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlarga javob bermaydigan avtomobillardan foydalanishni bosqichma-bosqich cheklash rejalari borligini bildirgan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling