O‘zbekistonda 2035 yilga qadar onkologik kasalliklar bilan kurash bo‘yicha Milliy dastur tasdiqlandi. Yangi strategiya doirasida onkologiya bilan kasallangan bemorlarning kamida 80 foiziga zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan ta’minlab, diagnostika va davolash tizimini sezilarli darajada yaxshilash rejalashtirilgan.
Dastur xalqaro standartlarga asoslangan saratonni erta aniqlash va davolash tizimini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Jumladan, o‘tkir o‘sma kasalliklarini erta bosqichda aniqlash ulushi hozirgi 45 foizdan 59 foizga oshirilishi rejalashtirilgan.
Keyingi o‘n yillik uchun dastur asosiy maqsadlari:
onkologik kasalliklar bilan kasallangan bemorlarning besh yillik omon qolish darajasini 40 foizdan 55 foizgacha oshirish;
eng keng tarqalgan va oldini olish mumkin bo‘lgan saraton turlari — o‘pka, bachadon bo‘yni, oshqozon va jigar saratoni — kasallanishini 5 foizga kamaytirish.
Reforma doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiy onkologiya va radiologiya markazi Milliy onkologiya markaziga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.
Hozirda muassasaga turk shifokori Sedat Kaya rahbarlik qilmoqda.