Toshkentda 54 yoshli erkak jamoat transportida jinsiy tegajoqlik qilgani uchun 5 sutkaga qamoqqa olindi. Hodisa 11-sentabr kuni “Xalqlar do‘stligi – Sirg‘ali” yo‘nalishidagi 11-avtobusda sodir bo‘lgan.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro F.S. yo‘lovchi ayollarga qo‘l tekkizib, odobsiz xatti-harakatlar qilgan. Uning harakatlari videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
17-sentabr kuni Chilonzor tumani profilaktika inspektori tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma tuzildi. E’lon qilingan videoda erkak aybini tan olib, shunday degan:
“‘Do‘stlik’da yonimda qiz turib qoldi. O‘zimni tuta olmadim, qo‘lim uning orqasiga borib tegdi. Shunday bo‘lib qoldi. Men sharmanda bo‘ldim va uzr so‘rayman”.
Chilonzor tuman sudining qaroriga ko‘ra, F.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (“Jinsiy tegajoqlik”) bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.