Yangiliklar
15.01.26
7468

O‘zbekistonda 34 yil ichida onalar va chaqaloqlar o‘limi bir necha barobarga kamaydi

O‘zbekistonda 34 yil ichida onalar o‘limi 4,4 barobarga, chaqaloqlar o‘limi esa qariyb 4 barobarga kamaydi. Hukumat 2030 yilgacha yangi maqsadlarni belgilamoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi 34 yil davomida onalar va chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada kamaydi. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, onalar o‘limi darajasi 4,4 barobarga, chaqaloqlar o‘limi esa 3,9 barobarga qisqargan.

Institut keltirgan raqamlarga ko‘ra, 1991 yilda 100 ming tirik tug‘ilish holatiga 65,3 ta onalar o‘limi to‘g‘ri kelgan. 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 14,8 taga tushgan.

Bolalar o‘limi bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlar qayd etilmoqda. Xususan, 1991 yilda bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 1000 nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 35,5 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 9 taga teng bo‘lgan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi esa shu davrda 48,2 promilledan 12,5 promillegacha kamaygan.

Mazkur ko‘rsatkichlarni yanada pasaytirish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab qo‘yilgan. Maqsadli rejalarga ko‘ra, onalar o‘limi darajasini 2026 yilda 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 11 taga, 2030 yilga kelib esa 9 taga tushirish, har yili o‘rtacha 0,5 taga kamaytirib borish rejalashtirilgan.

Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2026 yilda 9,5 promillega, 2030 yilga borib 6,5 promillegacha qisqartirilishi ko‘zda tutilmoqda. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa mos ravishda 2026 yilda 11 promille, 2030 yilda 9 promille ko‘rsatkichlari belgilangan.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev tug‘ruqdagi ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limining har bir holati favqulodda vaziyat sifatida ko‘rib chiqilishi lozimligini ta’kidlagan edi. 2024 yil fevral oyida esa davlat rahbari yuqori xavf guruhiga kiruvchi homilador ayollar bilan ishlash protokollarini yangilash bo‘yicha topshiriq bergan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling