IIV BMW M4 ishtirokidagi YTH tafsilotlarini ma’lum qildi. Avtomobilni voyaga yetmagan shaxs boshqargan. Hodisa oqibatida YPX inspektori jarohat olgan. Vazirlik voqeani “jamoat xavfsizligiga ochiq tahdid” deb baholadi.
Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muziфа Sultonovaning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda tezlikni qo‘pol ravishda oshirish va noqonuniy poygalar holatlari ko‘paygan. Uning ta’kidlashicha, bunday xatti-harakatlar inson hayotiga bepisandlikdan dalolat beradi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, o‘smir ilgari ham avtomobilni o‘zboshimchalik bilan boshqargani uchun ogohlantirilgan. Uning ota-onasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan — farzand tarbiyasi va ta’limiga lozim darajada e’tibor bermagani uchun — ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 2025 yil sentabr oyida maktabga qatnashmaslik, yanvar oyida esa avtomobilni takroran boshqarish va YHQni qo‘pol buzish holatlari yuzasidan choralar ko‘rilgan.
Avtomobil 23 yoshli ayolga tegishli. Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi ma’lum qilishicha, 2024 yildan buyon u 18 marta transport vositasini haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarga topshirgan hamda 37 marta yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.
YTH vaqtida rulda bo‘lgan o‘smir jabrlangan inspektor va uning oila a’zolaridan omma oldida uzr so‘radi. Uning otasi ham farzandi tarbiyasi ustidan nazorat yetarli bo‘lmaganini tan olib, kechirim so‘radi.
Mirobod tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi — transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘rta og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazish — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Mazkur modda jarima, ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
IIV ota-onalarni voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishga ruxsat bermaslikka va farzandlari xatti-harakatlari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.