Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga hokimiyat zaxirasidagi 9 gektar yer maydonini poliz ekinlari yetishtirish uchun 4 oy muddatga ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan.
Qayd etilishicha, u yanvar oyida 30 mln so‘mni olgan. Qolgan 60 mln so‘mni Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida olayotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.