Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida jinoyat ishlari bo‘yicha sud 39 yoshli fuqaroni xorijdagi qurolli mojaroda ishtirok etgani uchun yollanma jangchilikda aybdor deb topib, hukm chiqardi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2024-yil sentabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Mehnat migratsiyasi davrida u harbiy xizmat o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan va Donetsk viloyatida joylashgan bo‘linmaga yuborilgan. U yerda 2025-yil noyabr oyigacha bo‘lgan.
Sudda ayblanuvchi dastlab fuqarolik sohasida ish topishni rejalaganini, biroq hujjatlar mazmunini to‘liq tushunmasdan imzolaganini bildirgan. Uning aytishicha, mojaro hududida jangovar harakatlarda qatnashmagan, balki mudofaa inshootlarini qurish va okoplar qazish kabi yordamchi ishlarni bajargan. Bu davrda u taxminan 2 mln rubl ishlab topib, oilasiga yuborgan.
2025-yil noyabr oyida O‘zbekistonga qaytgach, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Sud uning harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanma jangchilik) bilan malakaladi. Hukm chiqarishda aybiga iqror bo‘lgani, pushaymonligi, ilgari sudlanmagani hamda oilaning yagona boquvchisi ekani kabi yengillashtiruvchi holatlar inobatga olindi.
Natijada sud unga umumiy tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.