Lamborghini bosh direktori Stefan Vinkelmann CNBC’ga bergan intervyusida aytishicha, AQShda avtomobillarga qo‘yiladigan boj stavkalari atrofidagi noaniqlik hatto eng badavlat mijozlarni ham superkar xaridini kechiktirishga majbur qilmoqda.
Oq uy avvalroq Yevropa Ittifoqi bilan bojlarni 15% gacha tushirish bo‘yicha kelishgan edi, biroq hozircha bu stavka avtomobillarga tatbiq etilmagan. Lamborghini va boshqa yevropalik ishlab chiqaruvchilar AQShga eksport qilganda hanuz 27,5% boj to‘lashda davom etmoqda.
«Ba’zilar kutyapti, chunki bu yakuniy raqam ekanligiga ishonch hosil qilishni xohlashadi», — dedi Vinkelmann. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto boy mijozlar ham narx o‘sishiga befarq emas: «Ular millioner yoki milliarderlarga shunchaki aylanib qolishmagan, balki nimani qilishni yaxshi bilishgani uchun».
Lamborghini ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishni rejalashtirmayapti, chunki “Made in Italy” tamg‘asi brendning asosiy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Vinkelmann kompaniya erkin savdoni qo‘llab-quvvatlashini, ammo har qanday qiyinchiliklarga tayyor ekanini ta’kidladi.
Tashqi bosimlarga qaramay, katta hajmdagi oldindan buyurtmalar tufayli talab keskin pasaygani sezilmayapti. Yozda Lamborghini narxlarni oshirdi:
Temerario va Urus — +7%,
Revuelto — +10%.
2024-yilda kompaniya rekord daromad qayd etdi: 10 867 dona avtomobil yetkazib, 3 mlrd yevrodan ortiq tushum oldi. 2023-yildan buyon uchta gibrid model taqdim etildi:
Temerario (Huracan o‘rniga),
Revuelto (Aventador o‘rniga),
Urus SE — gibrid krossover.
2028-yilda Lamborghini’ning to‘liq elektr Grand Touring modeli taqdim etilishi kutilmoqda. Biroq global bozorda elektromobillarga talab pasaygani bois kompaniya gibrid variantni ham ko‘rib chiqmoqda. «Muhimi birinchi bo‘lish emas, balki bozor tayyor bo‘lganida eng yaxshi texnologiyani taklif etish», — dedi Vinkelmann.
O‘tgan hafta Monterey’da Lamborghini cheklangan seriyadagi superkarini — Fenomenoni namoyish qildi. Bu brend tarixidagi eng tezkor model bo‘ldi:
quvvati — 1080 ot kuchi,
0 dan 60 mil/soatgacha tezlanish — 2,4 soniya,
dvigatel — 6,5 litrli V12 uchta elektromotor bilan uyg‘unlashgan.