O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Tabrik matni diplomatik vakolatxonaning Facebook’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
“Ushbu muhim sana Ukrainaning erkinlik, suverenitet va birlikka intilishini, ukrain xalqining ruhiy kuchi, sobitqadamliligi hamda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka bo‘lgan tinimsiz intilishini ifodalaydi”, — deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Ukrainaga tinchlik, totuvlik, farovonlik va muvaffaqiyatli taraqqiyot tilaklari bildirildi.
Bundan tashqari, mintaqa davlatlari yetakchilari ham o‘z tabriklarini yo‘lladi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga yuborgan telegrammasida ukrain xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham Zelenskiyni tabriklab, davlatlar o‘rtasida hududiy yaxlitlik va suverenitet masalalarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda birdamlikni ta’kidladi va Ukrainaga gumanitar yordamni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ham O‘zbekiston elchixonasi Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabriklagandi. 2022-yilda esa prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan tabrik bevosita Vladimir Zelenskiyga yo‘llangan edi.